Yangiliklar

UzAuto Motors va Chevrolet dilerlik vakillari “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etdi
15/12/2025 17:03 111 Yangiliklar
UzAuto Motors va Chevrolet dilerlik vakillari “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etdi

“O‘zavtosanoat” AJ tashabbusi bilan 15-dekabr kuni Toshkent shahridagi “Sergeli-avtotexxizmat” MChJ binosida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilib, avtomobilsozlik sohasida ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlash, jamoatchilik bilan muloqotni rivojlantirish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratildi.

Keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda avtomobil xaridorlari va servis xizmatlari iste’molchilari bo‘lgan fuqarolar bilan birgalikda “UzAuto Motors” AJ mutaxassislari, Chevrolet avtomobillarining respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan rasmiy dilerlik tarmog‘i vakillari, davlat organlari mas’ul xodimlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimi M.Rasulov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining mas’ul xodimlari va tinglovchilari, Turin politexnika universitetining vakili va talabalari, shuningdek, fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Ochiq muloqot davomida “O‘zavtosanoat” AJ va “UzAuto Motors” AJ ishtirokchilarga korrupsiya xavfini minimallashtirish va mijozlar bilan bog‘liq jarayonlarning shaffofligini oshirishga qaratilgan amaliy vositalarni taqdim etdi. Mutaxassislar tomonidan shartnomalarni rasmiylashtirish, to‘lovlarni amalga oshirish, servis va kafolat xizmatlarini ko‘rsatish kabi jarayonlar batafsil tushuntirildi. Asosiy chora-tadbirlar qatorida yangilangan oldi-sotdi shartnomasida xaridorga bitim haqidagi barcha ma’lumotlarni bir zumda tekshirish imkonini beruvchi individual QR-kodni joriy etish alohida ta’kidlandi. Shuningdek, hisob-ma’lumotnoma kabi hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirilayotgani, tegishli davlat xizmatlaridan my.gov.uz portali orqali foydalanish mumkinligi ma’lum qilindi.

Shuningdek, hisob-ma’lumotnoma kabi hujjatlar endilikda elektron formatda rasmiylashtiriladi, tegishli davlat xizmatlari esa my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladi.

Ishtirokchilarga avtomobil xaridi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, noqonuniy talablar va bosim holatlarida murojaat qilish mexanizmlari, shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartiblari bo‘yicha aniq ma’lumotlar taqdim etildi.

Savol-javoblar davomida amaldagi hamda yangi qabul qilingan qonunchilik normalari yuzasidan mas’ul mutasaddilar tomonidan bevosita ko‘rib chiqilib, atroflicha va asosli javoblar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga ochiq eshiklar kunidan samarali foydalanib, avtomobil xaridi jarayonida duch kelgan muammoli holatlar yoki savollar bo‘yicha o‘z murojaat va takliflarini bildirishlari mumkinligi ta’kidlanib, ularni faol ishtirok etishga chaqirildi.

Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari “Sergeli-avtotexxizmat” MChJ faoliyati bilan tanishib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlarini joyida ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga avtomobillarni xarid qilish va servis xizmatlarini olish faqat belgilangan tartib va qonuniy tartib-taomillar doirasida amalga oshirilishi lozimligi eslatildi. Shuningdek, har qanday korrupsiya holatlari, noqonuniy talablar yoki bosim o‘tkazishga urinishlar zudlik bilan to‘xtatilishi hamda rasmiy kanallar orqali murojaatlar yuborilishi kerakligi ta’kidlandi.

DIQQAT! 

Agar siz “UzAuto Motors” AJ xodimlari yoki biznes hamkorlarining korrupsiya, boshqa noqonuniy yoki nojo‘ya harakatlariga duch kelsangiz yoki bu haqida xabardor bo‘lsangiz Komplayens xizmatining quyidagi aloqa kanallari orqali xabar bering: 

Telefon: +99878 140-56-30 

E-mail: compliance@uzautomotors.uz 

Telegram-bot: t.me/uzautomotors_compliance_bot 

Eslatma: Xabar bergan shaxslarning ta’qibga uchramasligi va ularning shaxsi so‘roviga asosan oshkor etilmasligi kafolatlanadi.