Yangiliklar

Ozarbayjonda Chevrolet Damas, Labo, Lacetti, Tracker va Malibu avtomobillarini yig’ish yo’lga qo’yildi
2021-12-29 18:58:55 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

2021-yilning 28-dekabrida “UzAuto Motors”ning Hajigabul (Ozarbayjon) shahridagi ishlab chiqarish liniyasi ishlab chiqarishni rivojlantirishning ikkinchi bosqichiga o’tdi – zavodda Chevrolet Damas, Labo, Lacetti, Tracker va Malibu avtomobillarini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi.

Ishlab chiqarish “Azermash CP” MChJ QK zavodining ishlab chiqarish quvvatlarida yo‘lga qo‘yilgan bo'lib, bu yerda joriy yilning sentabr oyidan buyon Chevrolet Nexia va Cobalt avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Barcha mahsulotlar General Motors (AQSh) tomonidan o'rnatilgan jahon standartlariga muvofiq ishlab chiqariladi.

Ushbu yo’nalishda keyingi qadam Ozarbayjondagi Chevrolet avtomobillari portfoliosini yangi perspektiv avtomobil modellari bilan to’ldirish shuningdek, kelgusi yillarda ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich oshirish: 2022 yil oxiriga kelib, yiliga kamida 5000 ta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga erishish rejalashtirilgan.

Eslatib o’tamiz, Boku shahri yaqinida joylashgan Hajigabul sanoat kvartali tarkibiga kiruvchi “Azermash CP” – “AVTOSANOAT INVEST” MChJ (O‘zbekiston) va “STA INSAAT” MChJ (Ozarbayjon) tomonidan tashkil etilgan qo‘shma kompaniya hisoblanadi.

Loyiha tomonlar oʼrtasida 2021-yil 21-iyulda imzolangan kelishuv tufayli amalga oshirildi. Qardosh davlatlar o'rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi 2019-yil oktyabr oyida, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bakudagi rasmiy tashrifi vaqtida Turkiy kengashning sammiti doirasida e'lon qilingan.