Yangiliklar

Chirchiqda “UzAuto Motors” AJ avtomobillari uchun butlovchi qismlarni  ishlab chiqaruvchi yangi korxona ishga tushdi
2025-09-05 09:08:15 Yangiliklar
Chirchiqda “UzAuto Motors” AJ avtomobillari uchun butlovchi qismlarni  ishlab chiqaruvchi yangi korxona ishga tushdi

Chirchiq shahrida “UzAuto Motors” AJ avtomobillari uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi yangi IOTA JH Co korxonasi ishga tushdi. Ushbu loyiha “UzAuto Motors” AJ va Janubiy Koreyaning IOTA Co Ltd kompaniyasi oʻrtasidagi strategik hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Korxona avtomobil konditsioner tizimi uchun truba va shlanglarni mahalliylashtirishga qaratilgan.

2024-yil aprel oyida “UzAuto Motors” AJ va Janubiy Koreyaning IOTA Co Ltd kompaniyasi oʻrtasida avtomobil konditsioner tizimi uchun truba va shlanglarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. 

Kelishuv doirasida IOTA Co Ltd kompaniyasi yangi korxona barpo etishga 6,1 million AQSh dollari investitsiya kiritdi. Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi korxona, kuniga 2400 dona truba va shlang ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yillik ishlab chiqarish hajmi esa 110 milliard so‘m deb baholangan.

Mazkur loyiha, birinchi navbatda, “UzAuto Motors” AJ avtomobillarining konditsioner tizimi butlovchi qismlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplashga, importni qisqartirishga hamda logistika xarajatlarini optimallashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakat avtomobil sanoatida mahalliylashtirish darajasini oshirishga imkon yaratadi va mahsulot yetkazib berish zanjirini samarali tashkil etadi.

Yangi ishlab chiqarish korxonasining ishga tushirilishi 120 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga olib keldi. Bu nafaqat Chirchiq shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, balki “UzAuto Motors” AJning ishlab chiqarish zanjirini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Korxona yaqin kelajakda boshqa mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun ham butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashtirgan.